Insoniyat san’atining tarixi o’zining turlarini go’zalligi, nafisligi, betakrorligi bilan butun dunyoga mashhurdir. O’zbek xalqining ming yillar qaridagi tarixida xalq amaliy bezak san’ati turlari boy va rang-barang madaniy merosimizning eng ajoyib va ommaviy qismini tashkil qiladi. Madaniyat va san’at qa’rida o’ziga xos estetik jihatlar, jumladan, borliqni go’zallik qonuniyatlari asosida o’ziga xos tasviriy vositalar bilan aks ettiruvchi ijodiyotning muayyan xususiyatlari mavjud. Bu mavjudlik omili Sharq mamlakatlarining  mushtarak san’at turi – miniatyura san’atida ham o’z ifodasini topgan. Chunki Sharq miniatyura san’atida nafaqat zamon ruhi, davr insonlarining falsafiy qarashlari, balki san’at sohasining estetik kategoriyalari sifatida e’tirof etish mumkin bo’lgan jihatlari – badiiy obraz, badiiy-estetik metod va usullarning tasviriy talqinining klassik namunasini ko’rishimiz mumkin.Miniatyura san’ati O’rta Sharq mamlakatlari badiiy merosining ajoyib sahifalaridan birini tashkil etadi. Ayni paytda bu badiiy-madaniy meros o’z nufuziga ko’ra umuminsoniy madaniyat, badiiy qadriyat darajasida yuksak e’zozlanadi. Zero, tom ma’noda bu badiiy-estetik jihatdan yuksak saviyadagi san’atdir.

1981 yilda aynan mana shu milliy san’atimizni tiklash va uni rivojlantirish maqsadida Respublika rassomlik kollejida “Lok miniatyurasi”  bo’limi tashkil topdi. Bu mutaxassislik bo’yicha tahsil olgan o’quvchilar bosqichma‑bosqich mazkur san’atning, kasbning etuk mutaxassisi bo’lib etishadilar. Unda o’quvchilar dastlab mumtoz miniatyura namunalaridan nusxa ko’chirib, turli shakl va hajmdagi panno, qutichalar hamda tomoshaqovoqlarga miniatyuralar ishlashni o’rganadilar. Nazariy va amaliy bilimlarini amalda qo’llab, kompozistiya tuzish, miniatyura san’atining badiiy bezak ishlarini mustaqil bajarish mahoratiga ega bo’ladilar. Hozirgi kunda Respublika rassomlik kolleji “Lok miniatyurasi” mutaxassisligi bo’yicha H.Isoqjonov, Z.Sulaymonova va A.Aripov kabi rassom‑pedagoglar kollej o’quvchilariga milliy san’atimiz bo’lmish – miniatyura san’atining sir‑asrorlarini o’rgatib kelmoqdalar.